O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Sport

Marokash jahon chempionatida ilk chorak finalchi bo‘ldi

UzDaily tahririyati · 05.07.2026 · 11:19 · 33 views
Marokash jahon chempionatida ilk chorak finalchi bo‘ldi

Marokash jahon chempionatida ilk chorak finalchi bo‘ldi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Marokash milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatining chorak finaliga chiqqan birinchi jamoaga aylandi. Jamoa 1/8 final bahsida Kanada ustidan 3:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi. Uchrashuv Xyuston shahrida bo‘lib o‘tdi.

Marokashliklarga g‘alabani Azzedin Unaining 50 va 82-daqiqalarda urgan ikki goli hamda ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda Sufyan Rahimi kiritgan to‘p taʼminladi.

Chorak finalda Marokash Fransiya va Paragvay terma jamoalari o‘rtasidagi bahs g‘olibi bilan kuch sinashadi. Yarim final yo‘llanmasi uchun uchrashuv 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Mazkur o‘yin noodatiy statistik ko‘rsatkich bilan ham yodda qoldi. Birinchi bo‘limda hakam futbolchilarga oltita sariq kartochka ko‘rsatgan bo‘lsa, jamoalar darvoza tomon atigi beshta zarba berdi. Jahon chempionatlari tarixida ilk bor bir taym davomida ogohlantirishlar soni darvozaga berilgan zarbalar sonidan oshib ketdi.

Kanada terma jamoasi uchun joriy jahon chempionati turnirdagi ishtiroklari tarixidagi eng muvaffaqiyatli natija bo‘ldi. Avvalgi jahon chempionatida to‘rtinchi o‘rinni egallagan Marokash esa chempionlik uchun kurashni davom ettirmoqda.

Futbol bo‘yicha jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkazilmoqda va 19 iyul kuni yakunlanadi. Amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi hisoblanadi.