O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Malayziya delegatsiyasi Eski Juva bozoriga tashrif buyurdi

UzDaily · 16.06.2026 · 16:05 · 24 views
Malayziya delegatsiyasi Eski Juva bozoriga tashrif buyurdi

Malayziya delegatsiyasi Eski Juva bozoriga tashrif buyurdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Malayziya qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Datuk Seri Hoji Muhammad bin Sabu boshchiligidagi delegatsiya O'zbekistonga tashrifi davomida Toshkentdagi Eski Juva fermerlar bozoriga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mehmonlar bozorning zamonaviy savdo infratuzilmasi, tadbirkorlik muhiti hamda mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini aholiga yetkazib berish tizimi bilan yaqindan tanishdilar.

Bozorning gavjum rastalari bo‘ylab sayohat qilgan delegatsiya a’zolari meva-sabzavotlar, quritilgan mevalar, ziravorlar, go‘sht mahsulotlari, milliy shirinliklar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining boy assortimentini ko‘zdan kechirdilar.

Tashrif dasturi doirasida delegatsiya uchun milliy non ishlab chiqarish korxonasiga ham ekskursiya uyushtirildi. Mehmonlar o‘zbek xalqining qadimiy nonvoychilik an’analari bilan tanishib, tandir non tayyorlash jarayonini bevosita kuzatdilar.

Tashrif yakunida Malayziya tomoni “Eski Juva” bozorini mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki savdoni rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutayotgan yirik savdo markazlaridan biri sifatida baholadi.

Mehmonlar, ayniqsa, mahalliy mahsulotlar assortimentining kengligi, mahsulotlarning tabiiyligi hamda asrlar davomida shakllangan milliy savdo an’analarining bugungi kungacha saqlanib qolganini yuqori e’tirof etdilar.

UzDaily · 👁 24 views · 16.06.2026 · 16:05