Kannavaro JCH–2026 murabbiylari maoshi bo‘yicha top-5ga kirdi
Kannavaro JCH–2026 murabbiylari maoshi bo‘yicha top-5ga kirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Finance Football nashri 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchisi bo‘lgan terma jamoalar bosh murabbiylari reytingi eʼlon qildi. Reyting murabbiylarning ish haqi darajasi asosida shakllantirilgan. Unda O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Fabio Kannavaro beshinchi o‘rinni egallab, Fransiya, Niderlandiya va Urugvay milliy jamoalari murabbiylari qatoridagi bir qator mashhur mutaxassislardan yuqori o‘rinni qayd etdi.
Eʼlon qilingan maʼlumotlarga ko‘ra, turnirning eng yuqori maosh oluvchi murabbiyi Braziliya terma jamoasini boshqarayotgan Karlo Anchelotti bo‘ldi. Uning yillik maoshi 10 mln yevroni tashkil etadi. Reytingda ikkinchi o‘rinni AQSH terma jamoasi bosh murabbiyi Maurisio Pochettino egalladi. Turnir mezbonlari hisoblangan Kanada va Meksika terma jamoalari murabbiylari mos ravishda 10 va 11-o‘rinlardan joy oldi.
O‘zbekiston terma jamoasiga boshchilik qilayotgan Fabio Kannavaro reytingda beshinchi o‘rinni egalladi va uning maoshi Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines maoshiga taqqoslanadigan darajada ekani qayd etildi. Shu bilan birga, nashr turnir favoritlari sifatida ko‘rilayotgan Argentina va Ispaniya terma jamoalari rahbarlari top-12 ro‘yxatiga kirmaganini taʼkidladi: Lionel Skaloni yiliga 2,3 mln yevro, Luis de la Fuente esa 2 mln yevro maosh oladi.
Yaponiya terma jamoasi bosh murabbiyi Xajime Moriyasuning yillik maoshi 1,1 mln yevroni tashkil etadi. Belgiya va Shotlandiya terma jamoalari murabbiylarining daromadi yana-da past: Rudi Garsiya yiliga 700 ming yevro, Stiv Klark esa 530 ming yevro ish haqi oladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston terma jamoasida Fabio Kannavaroning maoshi bo‘yicha rasmiy maʼlumotlar oshkor qilinmagan.
Avvalroq O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillari italiyalik mutaxassis yiliga 4 mln yevro olishi haqidagi xabarlarni rad etgan va amaldagi summa bundan ancha past ekanini bildirgan edi.
Federatsiya shuningdek milliy terma jamoa bosh murabbiyining haq to‘lash miqdori axloqiy mulohazalarga ko‘ra oshkor etilmasligini taʼkidladi.