Jizzaxda FVB xodimi pora bilan qo‘lga olindi

Jizzaxda FVB xodimi pora bilan qo‘lga olindi

Jizzaxda FVB xodimi pora bilan qo‘lga olindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jizzax viloyatida tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari pora olishda gumon qilinib qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati maʼlum qildi.

Agentlik maʼlumotlariga ko‘ra, gap Mirzacho‘l tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi mansabdor shaxsi haqida ketmoqda. U ovqatlanish shoxobchalaridan birida o‘tkazilgan tekshiruv davomida yong‘in xavfsizligi talablari buzilganini aniqlab, tegishli maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirgan.

Tekshiruv natijasida, faoliyatni to‘xtatish chorasini ko‘rmaslik va ish materiallarini sudga yubormaslik evaziga u kafe rahbaridan 3 million so‘m miqdorida pul talab qilgani aniqlangan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida gumonlanuvchi talab qilingan mablag‘ni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling