O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida sel oqimi sabab 32 nafar dam oluvchi evakuatsiya qilindi

UzDaily · 20.06.2026 · 12:35 · 30 views
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida sel oqimi sabab 32 nafar dam oluvchi evakuatsiya qilindi

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida sel oqimi sabab 32 nafar dam oluvchi evakuatsiya qilindi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jizzax viloyatining Baxmal tumanida tog‘li va tog‘ oldi hududlarida kuzatilgan kuchli yomg‘irlar natijasida vayronkor sel oqimi yuz berdi. Tabiiy ofat 18 iyun, payshanba kuni sodir bo‘lgan.

 

Favqulodda holat yuz bergan hududga ichki ishlar organlarining mobil guruhlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislari, Milliy gvardiya xodimlari, tuman hokimligi va boshqa tegishli idoralar vakillari zudlik bilan yetib keldi.

Sel oqimi “Jum-Jum” qishlog‘i va “Nushkent” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi tog‘ soyining tabiiy o‘zani bo‘ylab harakatlangan.

Tabiiy ofatning asosiy zarbasi yaqin atrofda joylashgan “Jum-Jumsoy” dam olish maskaniga to‘g‘ri kelgan. Hodisa vaqtida bu yerda 32 nafar fuqaro dam olayotgan bo‘lgan.

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti xodimlari va qutqaruvchilarning tezkor hamda muvofiqlashtirilgan harakatlari tufayli barcha dam oluvchilar zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi. Maʼlum qilinishicha, hodisa oqibatida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.

Mahalliy aholining turar joylari, infratuzilma obyektlari hamda chorva mollariga ham zarar yetmagan.

Shu bilan birga, tabiiy ofat transport infratuzilmasiga mahalliy miqyosda moddiy zarar yetkazgan. Sel oqimi natijasida “Jum-Jumsoy” turistik hududiga olib boruvchi ko‘prikning bir qismi yuvilib ketgan va jiddiy shikastlangan.

Bundan tashqari, suv oqimi zarbasi ostida qolgan avtotransport vositalari ham zarar ko‘rgan. Ikkita Damas va bitta Gentra avtomashinasi mexanik shikast olgan.

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti maʼlumotiga ko‘ra, ayni paytda hodisa joyida barcha zarur tiklash ishlari yakunlangan va tabiiy ofat oqibatlari to‘liq bartaraf etilgan.

UzDaily · 👁 30 views · 20.06.2026 · 12:35