Ispaniya O'zbekiston bilan to'qimachilik sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Ispaniya O'zbekiston bilan to'qimachilik sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning Ispaniyaga xizmat safari doirasida tekstil sanoatini rivojlantirish va eksport geografiyasini kengaytirishga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Viloyat rahbari Ispaniyaning nufuzli promouterlik va konsalting kompaniyasi rahbari Aleksandro Pastrana bilan ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvda Toshkent viloyatidagi yirik tekstil korxonalari rahbarlari ham Zoom platformasi orqali ishtirok etdi.
Muloqot davomida viloyatda ishlab chiqarilayotgan tekstil mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib chiqish, ispaniyalik investor va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, xomashyo hamda tayyor mahsulotlar eksportni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, mahsulotlarning xalqaro standartlarga mosligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, dizayn va brending yo‘nalishlarida tajriba almashish hamda mahsulotlarni Yevropa isteʼmolchilari talablariga moslashtirish ustuvor vazifalardan biri ekani taʼkidlandi.
Tomonlar Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan tekstil korxonalarining ishlab chiqarish quvvati, eksport salohiyati va logistika imkoniyatlari haqida ham batafsil fikr almashdilar.
Ispaniya tomoni viloyatdagi tekstil klasterlari faoliyati va mahsulotlar sifati bilan alohida qiziqish bildirib, kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda Yevropa kompaniyalari ishtirokida biznes uchrashuvlarini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Yakunda tomonlar tekstil sanoatida uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.