Imkon Ventures O‘zbekiston chakana savdo texnologiyalari kelajagi uchun Avtomato.uz'ga $100 000 investitsiya yo‘naltiradi
Imkon Ventures O‘zbekiston chakana savdo texnologiyalari kelajagi uchun Avtomato.uz'ga $100 000 investitsiya yo‘naltiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Imkon Ventures O‘zbekiston bo‘ylab chakana savdo va bo‘lib to‘lash (nasiya) asosida ishlaydigan korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi biznes-jarayonlarni avtomatlashtirish platformasi — Avtomato.uz'ga — $100 000 miqdorida investitsiya kiritganini e'lon qildi. Mazkur investitsiya Imkon Ventures’ning mintaqaviy miqyosda o‘sish salohiyatiga ega texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash strategiyasining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Avtomato.uz platformasi O‘zbekistonning yetakchi IT-kompaniyalaridan biri bo‘lgan REVO asoschisi, dasturiy ta’minot muhandisi va Xorazmlik tadbirkor Yo‘ldoshboy Sultonov tomonidan 2025-yil aprel oyida ishga tushirilgan. Bugungi kunga qadar Avtomato.uz platformasi 100 dan ortiq korporativ mijozlar ishonchini qozonib, ularning biznes jarayonlarini avtomatlashtirishga xizmat qilmoqda. Kompaniya 2026-yil yakuniga qadar mijozlar bazasini 500 tadan oshirishni maqsad qilgan.
Platforma biznes egalarining asosiy savdo jarayonlarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan “Software-as-a-Service” (SaaS) yo‘nalishidagi yagona tizim orqali boshqarishga xizmat qiluvchi kompleks yechimdir. Hozirda Avtomato nasiya savdoni tizimli boshqarish, mijozlarni skoring qilish va baholash, ombor hisobini yuritish, POS-tizimlar, xodimlarni to‘g‘ri boshqarish va marketing jarayonlarini avtomatlashtirish uchun qulay vositalarni taqdim etadi. Platformaning modulli tuzilmasi bizneslarga o‘z ehtiyojlariga mos funksiyalarni tanlash imkonini beradi. Shu sababli Avtomato.uz turli hajm va yo‘nalishdagi kompaniyalar uchun moslashuvchan va qulay yechim hisoblanadi.
Avtomato.uz yangi sohalarni qamrab olishni davom ettirmoqda. 2026-yil oxiriga qadar kamida uchta yangi biznes yo‘nalishi uchun maxsus yechimlarni ishga tushirishni rejalashtirgan.
Yo‘ldoshboy Sultonov Toshkent axborot texnologiyalari universitetida (TATU) magistrlik darajasini olgan hamda hisoblash tizimlari uchun matematik va dasturiy ta’minot yo‘nalishida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Faoliyati davomida Agrobank’da dasturiy ta’minot arxitektori, Asaxiy’da texnik direktor lavozimlarida ishlagan, shuningdek Moskvadagi Yandex’da dasturiy ta’minot ishlab chiqish yo‘nalishida amaliyot o‘tagan. 2020-yilda u REVO kompaniyasiga asos solgan. Bugungi kunda kompaniya O‘zbekiston bo‘ylab uchta ofis, 30 dan ortiq mutaxassis va AQSh hamda Yevropadagi mijozlar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lib, fintex va elektron tijorat sohalari uchun dasturiy yechimlar ishlab chiqmoqda. Ushbu tajriba Avtomato.uz’ning texnologik rivojlanishi va biznes strategiyasini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
"O‘zbekistonda chakana savdo va bo‘lib to‘lash bozori juda tez o‘sib bormoqda, ammo ko‘pchilik biznes egalari hali ham savdo jarayonlarini qo‘lda yoki tarqoq vositalar yordamida boshqarmoqda", — deydi Sultonov. "Avtomato tadbirkorlarga mijozlar skoringidan tortib ombor boshqaruvigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni avtomatlashtirish uchun yagona platforma taqdim etadi. Biz uni modulli va arzon narxda yaratdik, undan har qanday hajmdagi kompaniyalar foydalanishi va biznesi rivojlangani sari platforma imkoniyatlarini kengaytirib borishi mumkin.
Investitsiya haqida izoh bergan Imkon Ventures'ning hammuasisi Muhammad Xalil: "Avtomato real va shu vaqtga qadar yetarlicha e'tibor berilmagan muammoni hal qiladi. O‘zbekistonda chakana savdo va bo‘lib to’lash sektori yirik, tarqoq va hali ham ko‘p jihatdan qo‘lda ishlash jarayonlariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Yo‘ldoshboy va uning jamoasi dastlabki bosqichdayoq sezilarli natijalarga erishganini allaqachon ko‘rsatdi, platformaning modulli arxitekturasi esa unga masshtablash uchun aniq yo‘l taqdim etadi. Biz chuqur texnik va operatsion kompetensiyalarga ega asoschiga sarmoya kiritmoqdamiz va Avtomato‘ning butun sektor uchun asosiy infratuzilmaga aylanish salohiyatini ko‘rmoqdamiz", — dedi.