Ichki ishlar vazirligi: Oʻzbekistonda radar tizimlari tufayli yoʻl-transport hodisalari kamaydi

Ichki ishlar vazirligi: Oʻzbekistonda radar tizimlari tufayli yoʻl-transport hodisalari kamaydi

Ichki ishlar vazirligi: Oʻzbekistonda radar tizimlari tufayli yoʻl-transport hodisalari kamaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda Ichki ishlar vazirining “Avtomobil yo‘llaridagi foto va video qayd etish texnika vositalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi samaradorligi hamda yo‘l harakati sohasiga axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga javobi haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglarida fuqarolar bilan o‘tkazilgan muloqotlari va uchrashuvlari davomida transport vositalari haydovchilari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklarni aniqlovchi foto va video qayd etish texnika vositalari hamda ko‘chma fotoradarlarning faoliyati, sun’iy yo‘l notekisliklarni o‘rnatishda belgilangan standartlarga rioya etilmayotgani borasida kelib tushgan ayrim e’tirozlaridan kelib chiqib, Ichki ishlar vaziriga parlament so‘rovi yuborilgan edi.

Xususan, parlament so‘rovida yo‘l chiziqlarini chizish, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishidagi loyihalarni moliyalashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar, foto va video qayd etish texnika vositalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi samaradorligi va natijadorligi, sun’iy yo‘l notekisliklarini o‘rnatishda belgilangan me’yor va standartlarga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsiz va erkin harakatiga to‘sqinlik qiluvchi noqonuniy sun’iy to‘siqlar hamda boshqa turdagi qurilmalarni o‘rnatish holatlari bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilishlar kabi masalalar bo‘yicha tushuntirish berish so‘ralgan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2022-2025-yilda o‘zida yo‘l chiziqlarini chizish, yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarini va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun 978,3 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Ushbu davr mobaynida 78 844 ta yangi yo‘l belgilari o‘rnatilib, 49380 ta yo‘l belgilari yangisiga almashtirilgan hamda 1081 ta svetofor ob’ekti yangidan qurilgan. Shuningdek, 20 mln 728 ming kv.m yo‘l yotiq chiziqlari chizilgan.

Hozirgi kunda respublikamiz bo‘yicha 5425 ta foto va video qayd etish texnika vositalari o‘rnatilgan. Bunda, yo‘l-transport hodisalari kunlik, haftalik, oylik, choraklik, yillik gorizontal va vertikal shakldagi tahlillar asosida, shuningdek, harakat intensivligi, yo‘l infratuzilmasi holati, piyodalar va transport oqimi yuqori bo‘lgan hududlar o‘rganilgan holda, aholi murojaatlari hamda mutasaddi tashkilotlarning xulosalari kabi omillar inobatga olingan.

Natijada joriy yilning to‘rt oyida yo‘l-transport hodisalari 17,7 foizga kamayishiga erishilgan. Yo‘llar va ko‘chalarga o‘zboshimchalik bilan asossiz o‘rnatilgan yo‘l belgilari hamda sun’iy notekisliklarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan xatlov natijalari bo‘yicha 132 ta harakatni cheklovchi yo‘l belgilari hamda 202 ta to‘xtash va to‘xtab turish haqidagi yo‘l belgilari olib tashlangan. Bundan tashqari, yo‘llarda noqonuniy o‘rnatilgan jami 203 ta turli to‘siqlar hamda 308 ta sun’iy notekisliklar bartaraf etilgan.

Deputatlar mazkur sohadagi ishlarni izchil davom ettirish, xususan yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, foto va video qayd etish qurilmari orqali huquqbuzarliklarni aniqlashda xatoliklarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish, noqonuniy o‘rnatilgan sun’iy to‘siqlarni olib tashlash ishlarini jadallashtirish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha choralarni kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.

Majlisda mazkur masala yuzasidan tizimli parlament nazorati olib borilishi qayd etilib, vazirning javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling