O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

Oʻzbekiston va Koreya raqamli tibbiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Dilafro'z Niyazova · 13.08.2026 · 22:00 · 23 views
Oʻzbekiston va Koreya raqamli tibbiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Oʻzbekiston va Koreya raqamli tibbiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Koreya Respublikasiga xizmat safari doirasida Seul Jamoat Salomatligi Assotsiatsiyasi (Seoul Public Health Association — SPHA) bosh ofisida assotsiatsiya prezidenti Pak San Xve va soha ekspertlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar, raqamli texnologiyalarni joriy etish va Koreyaning zamonaviy tibbiy boshqaruv tajribasini O‘zbekiston amaliyotiga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, klinikalar boshqaruviga raqamli tizimlarni joriy etish, tibbiyot muassasalarini «Smart Hospital» standartlari asosida loyihalash va jihozlash, klinik menejmentning ilg‘or yondashuvlarini o‘rganish hamda ushbu tajribani mahalliy sharoitga moslashtirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.

Uchrashuv yakunida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur kelishuv O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida tibbiyot sohasida raqamli transformatsiya, zamonaviy klinik boshqaruv va innovatsion yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Seoul Public Health Association — aholi salomatligini muhofaza qilish va tibbiy siyosatni rivojlantirish sohasida faoliyat yurituvchi nodavlat va notijorat tashkilot bo‘lib, uning tarkibida 100 dan ortiq akademik va soha ekspertlari mavjud.