Harbiy pensiyalar to'g'risidagi qonun deputatlar tomonidan qabul qilindi
Harbiy pensiyalar to'g'risidagi qonun deputatlar tomonidan qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ular oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Loyiha bilan harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini davlat pensiyalari bilan ta’minlashning huquqiy asoslarini qonun bilan belgilash, ushbu pensiyani tayinlash shartlari, turlari, miqdorlari va tartibiga oid normalarni takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Xususan, harbiy xizmatda 30 yildan ortiq xizmat qilganlar uchun pensiyaning bazaviy miqdorini aniqlashda ish haqining hisobga olinadigan miqdorini 75 foizdan 100 foizga oshirish, shuningdek, pensiya tayinlashda asos bo‘ladigan pensiyani hisoblash bazaviy miqdorini o‘n baravaridan kelib chiqib hisoblash amaliyotini o‘n ikki baravaridan kelib chiqib amalga oshirish taklif etilmoqda.
Taqdim etilayotgan imtiyozlar vatanimiz va xalqimiz xavfsizligini ta’minlashda uzoq yillar fidokorona xizmat qilgan, o‘z hayotini yurtimiz istiqboli uchun bag‘ishlab, fidoyilik ko‘rsatgan harbiylarimizni qo‘shimcha rag‘batlantirish, yoshlarimizda bu sohaga bo‘lgan mehr va ishtiyoqni oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kabi maqsadlarni nazarda tutgan.
Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida hujjat ishchi guruh yig‘ilishlarida mutaxassislar va soha ekspertlari ishtirokida har tomonlama ko‘rib chiqilgani, bildirilgan takliflar inobatga olinib, loyiha matni takomillashtirilgani qayd etildi.
Kozimjon TOJIYEV, Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi: Mazkur qonun loyihasi harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish samaradorligini oshirish, harbiy xizmat nufuzini kuchaytirish, pensiya ta’minoti sohasidagi munosabatlarni aniq tartibga solish, huquqni qo‘llash amaliyotida yagona va barqaror mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.