Gana jahon chempionatini Panama ustidan g‘alaba bilan boshladi
Gana jahon chempionatini Panama ustidan g‘alaba bilan boshladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Gana terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionati guruh bosqichining birinchi tur uchrashuvida Panama terma jamoasi ustidan g‘alaba qozondi. Toronto shahrida bo‘lib o‘tgan bahs 1:0 hisobida yakunlandi.
Uchrashuvdagi yagona gol ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda kiritildi. G‘alaba goliga qo‘shimcha vaqtning beshinchi daqiqasida aniq zarba yo‘llagan Kaleb Irenki mualliflik qildi.
Gana jamoasi ushbu o‘yinni o‘zining asosiy futbolchilaridan biri Tomas Partisiz o‘tkazdi. Futbolchi Kanada hukumati tomonidan viza berish rad etilgani sababli uchrashuvda ishtirok eta olmadi. Shu bilan birga, unda AQSH vizasi rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu unga guruh bosqichining AQSH hududida o‘tadigan qolgan uchrashuvlarida ishtirok etish imkonini beradi.
Birinchi turdan so‘ng Gana terma jamoasi uch ochko jamg‘arib, L guruhida peshqadamlikka chiqdi. Ushbu guruhning avvalgi bahsida Angliya terma jamoasi Xorvatiyani 4:2 hisobida mag‘lub etgan edi.
Ikkinchi turda Gana terma jamoasi 23 iyun kuni Angliyaga qarshi maydonga tushadi, Panama esa 24 iyunga o‘tar kechasi Xorvatiyaga qarshi o‘ynaydi.
Futbol bo‘yicha jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tmoqda. Turnir tarixida ilk bor unda 48 ta terma jamoa ishtirok etmoqda. Musobaqa 19 iyul kuni yakunlanadi. Amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi bo‘lib qolmoqda.