Futbol bo‘yicha jahon chempionatining 1/16 final juftliklari aniqlandi
Futbol bo‘yicha jahon chempionatining 1/16 final juftliklari aniqlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH, Kanada va Meksikada o‘tayotgan 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatida guruh bosqichi to‘liq yakunlandi. Yakshanbaga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan so‘nggi uchrashuvlar natijasida pley-offning yakuniy to‘ri shakllandi va sayyoramizning eng yirik futbol musobaqasining 1/16 finaliga yo‘l olgan barcha 32 ta milliy terma jamoa nomi maʼlum bo‘ldi.
Pley-off bosqichi 28 iyun kuni AQSHning Inglevud shahrida bo‘lib o‘tadigan Janubiy Afrika va Kanada o‘rtasidagi o‘yin bilan ochiladi. Tashkilotchilar tomonidan tasdiqlangan jadvalga ko‘ra, 29 iyun kuni futbol muxlislarini Foksboroda Germaniya — Paragvay hamda Xyustonda Braziliya — Yaponiya o‘yinlari kutib turibdi. 30 iyun kuni esa Monterreyda Niderlandiya va Marokash, Arlingtonda esa Kot-d‘Ivuar va Norvegiya keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi. 1 iyul pley-offning eng sermazmun kuni bo‘ladi. Shu kuni Ist-Raterfordda Fransiya — Shvetsiya, Mexikoda Meksika — Ekvador, Sietlda Belgiya — Senegal va Atlantada Angliya — Kongo Demokratik Respublikasi uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Keyingi kunlarda musobaqa Ispaniya va Avstriya o‘rtasidagi bahs bilan davom etadi. Ushbu o‘yin 2 iyul kuni Inglvudda tashkil etiladi. Shuningdek, Santa-Klara shahrida AQSH hamda Bosniya va Gersegovina terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. 3 iyul kuni Arlingtonda Avstraliya — Misr, Torontoda Portugaliya — Xorvatiya va Vankuverda Shveysariya — Jazoir uchrashuvlari rejalashtirilgan.
Pley-offning dastlabki bosqichi 4 iyul kuni yakunlanadi. Amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi Mayami shahrida Kabo-Verdega qarshi maydonga tushadi. Shuningdek, Kolumbiya terma jamoasi Gana bilan bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy chempionatda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etayotgan yangi format qo‘llanilmoqda. Unga ko‘ra, har bir guruhdan ikki nafardan eng yaxshi jamoa hamda uchinchi o‘rinni egallagan sakkizta eng kuchli terma jamoa pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Jahon chempionatining final uchrashuvi 19 iyul kuniga belgilangan.