Fransiya Senegalni 3:1 hisobida mag‘lub etdi
Fransiya Senegalni 3:1 hisobida mag‘lub etdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Futbol bo‘yicha jahon chempionatining guruh bosqichi doirasida Fransiya terma jamoasi Senegal ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuv AQSHning Nyu-Jersi shtati, Ist-Raterford shahridagi “Metlayf” stadionida bo‘lib o‘tdi.
Fransiya terma jamoasi safida ikki golni Kilian Mbappe kiritdi. U 66 va 90+6-daqiqalarda gol urdi. Yana bir golga Bredli Barkolya mualliflik qildi va u 82-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Senegal terma jamoasi tarkibida esa Ibraima Mbaye qo‘shimcha vaqtning 90+5-daqiqasida gol urdi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra Fransiya terma jamoasi uch ochko to‘plab, I guruhida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ushbu guruhda Norvegiya va Iroq terma jamoalari ham ishtirok etmoqda va ular o‘zaro bahsni keyinroq o‘tkazadi.
Uchrashuvning alohida voqealaridan biri Kilian Mbappening rekordi bo‘ldi. U Fransiya terma jamoasi safida urilgan gollar soni bo‘yicha Olivye Jiru natijasini ortda qoldirdi. Hujumchi milliy jamoa safida 99 ta uchrashuvda maydonga tushib, 58 ta gol urdi. Jiru hisobida esa 137 ta o‘yinda 57 ta gol mavjud.
Ikkinchi turda Fransiya Iroqqa qarshi maydonga tushadi, Senegal esa Norvegiya bilan kuch sinashadi.