O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Fargʻona viloyatida 150 dan ortiq ayollar YXHT koʻmagida raqamli koʻnikmalar boʻyicha oʻqitildi

UzDaily · 18.06.2026 · 10:45 · 39 views
Fargʻona viloyatida 150 dan ortiq ayollar YXHT koʻmagida raqamli koʻnikmalar boʻyicha oʻqitildi

Fargʻona viloyatida 150 dan ortiq ayollar YXHT koʻmagida raqamli koʻnikmalar boʻyicha oʻqitildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Fargʻona viloyatining turli hududlaridan kelgan 150 dan ortiq xotin-qizlar YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori tomonidan IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda tashkil etilgan IT-koʻnikmalar va raqamli marketing boʻyicha oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomladilar. Mazkur dastur tufayli ishtirokchilar daromadlarini oshirish, biznesni rivojlantirish va onlayn tarzda masofadan turib ishlash uchun zarur boʻlgan amaliy raqamli koʻnikmalarni oʻzlashtirdilar.

2026-yil 9-iyun kuni boʻlib oʻtgan sertifikatlarni topshirish marosimida ishtirokchilar, trenerlar va mahalliy tashkilotlar vakillari raqamli iqtisodiyot koʻnikmalarini egallash uchun oʻz vaqti va kuchini sarflagan ayollarning yutuqlarini eʼtirof etish uchun yigʻildilar.

Marosimda soʻzga chiqqan YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen ishtirokchilarni erishgan yutuqlari bilan tabrikladi va xotin-qizlarning raqamli koʻnikmalarini rivojlantirishga sarmoya kiritish muhimligini taʼkidladi.

“Bugun biz shunchaki oʻquv kursi yakunlanganini emas, balki bundan ancha kattaroq voqeani nishonlayapmiz. Biz ushbu ayollarning oʻzlari, oilalari va jamiyatlari uchun yaxshiroq iqtisodiy kelajak barpo etish yoʻlidagi qatʼiyati, maqsadga intiluvchanligi va tayyorligini olqishlaymiz”, - dedi elchi Antti Karttunen.

Dastur xotin-qizlarning, ayniqsa, chekka tumanlar va qishloq joylarda istiqomat qiluvchi ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan. Oʻqish davomida ishtirokchilar raqamli marketing asoslari, biznesni Internetda targʻib qilish, elektron tijorat vositalari hamda ish va tadbirkorlik faoliyatida amaliy qoʻllash uchun zarur boʻlgan bazaviy raqamli koʻnikmalarni oʻrgandilar.

Koʻpgina ishtirokchilar uchun bu trening faoliyatlarida yangi bosqichni boshlab berdi.

“Dasturda ishtirok etishdan oldin men madaniyat va turizm sohasidagi loyihani rivojlantirayotgan edim. Trening tufayli men uni internetda targʻib qilish, onlayn auditoriyani yaxshiroq tushunish va yanada jozibali vizual kontent yaratish uchun amaliy vositalardan foydalanish imkoniga ega boʻldim. Eng muhimi - endilikda oʻz gʻoyalarimni hayotga tatbiq etish uchun texnologiyalardan ijodiy va strategik yondashgan holda, ishonch bilan foydalanmoqdaman”, - deya oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi kurslar ishtirokchisi Dildora Aliyeva.

Ushbu oʻquv kurslari Oʻzbekistonning boshqa hududlarini ham qamrab olgan keng koʻlamli oʻqitish tashabbusining bir qismidir: bugungi kunga qadar 1000 ga yaqin xotin-qizlar bazaviy IT-koʻnikmalariga ega boʻldilar. Ayollarning iqtisodiy tengligini qoʻllab-quvvatlash YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatorining asosiy ustuvor yoʻnalishi boʻlib qolmoqda. Raqamli savodxonlikni oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini yaratish orqali YXHT xotin-qizlarga raqamli texnologiyalar asrida zarur boʻlgan amaliy koʻnikmalarni egallashda koʻmaklashmoqda.

UzDaily · 👁 39 views · 18.06.2026 · 10:45