Fargʻona viloyati Belarus iqtisodiy forumida ishtirok etmoqda
Fargʻona viloyati Belarus iqtisodiy forumida ishtirok etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Belarus Respublikasining Gomel viloyatida start olgan nufuzli XX xalqaro iqtisodiy forumda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi faol ishtirok etdi.
Bugun xalqaro anjuman doirasida xorijiy delegatsiyalar rahbarlarining rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Gomel viloyati Ijroiya qo‘mitasi raisi Ivan Krupko ochib berib, barcha mehmonlarni qutladi.
Tantanali tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov anjumanning yuqori darajada tashkil etilganini alohida e’tirof etib, mezbonlarga Farg‘ona viloyatining investitsiyaviy va sanoat salohiyatini keng namoyish etish uchun yaratilgan imkoniyat uchun minnatdorlik bildirdi.
Mazkur forum mamlakatlar va hududlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish hamda yirik qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishda muhim va konstruktiv muloqot maydoniga aylanishi ta’kidlandi.
Anjuman ishtirokchilariga Farg‘ona viloyatining zamonaviy iqtisodiy salohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, Farg‘onada to‘qimachilik, kimyo va neft-kimyo, elektrotexnika, farmasevtika, qurilish materiallari, IT tarmoqlarini jadal rivojlantirish, klaster tizimini joriy etish hamda xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish ustuvor vazifa etib belgilangani ma’lum qilindi.
Viloyat rahbari forumning keng qamrovli tarkibi hududlararo hamkorlikka bo‘lgan global qiziqishning ortib borayotganidan dalolat ekanligini bildirib, Farg‘ona viloyati ochiq muloqot, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va uzoq muddatli barqaror sheriklik uchun barcha zarur sharoit hamda kafolatlarni taqdim etishga tayyorligini aytib o‘tdi.
XX Gomel iqtisodiy forumi doirasida erishiladigan kelishuvlar yangi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va xalqlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik rishtalarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.