O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Farg‘onada yangi sanoat investitsiyalari muhokama qilindi

UzDaily · 15.06.2026 · 19:10 · 32 views
Farg‘onada yangi sanoat investitsiyalari muhokama qilindi

Farg‘onada yangi sanoat investitsiyalari muhokama qilindi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan xalqaro savdo va biznes-konsalting kompaniyasi — Hsinup International Pte. Ltd. direktori Lin Mingshiang boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda xitoylik investorlar tomonidan Farg‘ona viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida viloyat hokimi Farg‘onada xorijiy investorlar ishtirokida qator yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini taʼkidlab, investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti va imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi.

Kompaniya rahbari Lin Mingshiang ikki kun davomida viloyatda o‘rganishlar olib borganini, biznes yuritish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishganini maʼlum qildi. Farg‘onada temir listlar ishlab chiqarish hamda metall konstruksiyalar tayyorlash korxonasini ochish niyatida ekanligini qayd etdi. Loyihalar doirasida qalin metall listlar ishlab chiqarish va metall konstruksiyalar tayyorlash yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sanoat zonalari qurish borasida ham fikr almashildi.

Mazkur loyihalar temir sanoatini mahalliylashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Viloyat hokimi metall konstruksiyalarga bo‘lgan talab yil sayin ortib borayotganini qayd etib, ushbu tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni yana-da kengaytirish va loyihalarni amalga oshirish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha kelishib olindi.

UzDaily · 👁 32 views · 15.06.2026 · 19:10