Farg‘ona viloyati va Belarus o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda
Farg‘ona viloyati va Belarus o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikovni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli izchil rivojlanib borayotgani, ikki tomonlama hamkorlik yangi bosqichda davom etayotgani alohida taʼkidlandi.
So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalar sifat jihatidan yana-da yuqori darajaga ko‘tarilgani, ko‘plab sohalarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligi qayd etildi.
Shuningdek, hududlararo hamkorlik ijobiy natijalar berayotgani, bu esa o‘zaro manfaatli va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani aytildi.
Muloqot davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, qishloq xo‘jaligi, sanoat hamda turizm sohalaridagi mavjud imkoniyatlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Eksport, transport va logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuvda viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ham ishtirok etib, ular bilan ilg‘or investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Kelgusida delegatsiyalar almashinuvi, videokonferensiya aloqalari hamda turli forumlar orqali hamkorlikni yana-da kengaytirish, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish yuzasidan kelishib olindi.