Farg‘ona viloyati Malayziya bozoriga eksportni kengaytirdi
Farg‘ona viloyati Malayziya bozoriga eksportni kengaytirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati delegatsiyasi hokim Xayrullo Bozorov boshchiligida Kuala-Lumpurga amalga oshirilgan rasmiy tashrifni yakunladi. Tashrif yakunlariga ko‘ra qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, turizm va qurilish sohalarida qator kelishuvlarga erishildi. Shu bilan birga, ilk bor Farg‘ona o‘riklari va shaftolisi Malayziya bozoriga yetkazib berildi.
Malayziya qishloq xo‘jaligi vaziri bilan uchrashuv
Tashrif doirasida Xayrullo Bozorov Malayziyaning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Moxamad bin Sabu hamda yirik kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Vazir Moxamad bin Sabu O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.
Malayziyaning “BDI”, «FAMA Corp.» va “NAFAS” kompaniyalari Farg‘ona viloyatidan ekologik toza meva-sabzavot mahsulotlarini import qilishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, Kuala-Lumpurda mintaqaning savdo-logistika markazini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Farg‘onadan Malayziyaga ilk meva eksport partiyasi
Tashrifning amaliy natijasi sifatida Farg‘ona meva mahsulotlarining Malayziyaga ilk eksport partiyasi jo‘natildi. Gilos, shuningdek birinchi marta o‘rik va shaftoli havo transporti orqali Kuala-Lumpurga yetkazildi.
Ushbu tashabbus Malayziyada mart oyida ochilgan “Farg‘ona” savdo uyi hamda «Quva Agrostar» va “KK24” korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Mahsulotlar Malayziya bozori talab va standartlariga muvofiq tayyorlangan.
Hokim Bozorov ushbu yetkazib berish ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini taʼkidlab, eksport hajmini oshirish, assortimentni kengaytirish va barqaror logistika tizimini shakllantirish vazifasini qo‘ydi.
Turizm va investitsiya bo‘yicha muzokaralar
O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasida «Aero Art Sendirian Berhad» va «Spora Global Sdn Bhd» kompaniyalari rahbari Datuk Moxamad Azri Abdul Raxman bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tomonlar turizm, qurilish va qishloq xo‘jaligi eksporti sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Malayziya tomoniga mintaqa investitsiya salohiyati taqdim etildi.
Muzokaralar yakunida aniq qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Gemodializ markazlari bo‘yicha memorandum
Tashrifning muhim natijalaridan biri sifatida «Orion Consortium Sdn. Bhd.» malayziya kompaniyasi bilan Farg‘ona viloyatida zamonaviy gemodializ markazlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Kompaniya Malayziyada 40 ta dializ markazini boshqaradi hamda gemodializ, farmatsevtika va birlamchi tibbiy yordam sohalarida faoliyat yuritadi. Loyiha buyrak kasalligiga chalingan bemorlar uchun xalqaro standartlarga mos markazlar qurishni nazarda tutadi.
Yurtdoshlar bilan uchrashuv
Tashrif davomida Hayrullo Bozorov O‘zbekistonning Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Qaromiddin G‘adoyev ishtirokida malayziyalik kompaniyalarda ishlayotgan o‘zbek talabalari va mutaxassislari bilan uchrashdi.
Hudud rahbari yoshlar uchun IT, moliya, innovatsiya va muhandislik sohalarida taʼlim olish va kasbiy imkoniyatlar kengayib borayotganini taʼkidlab, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va doimiy muloqotni saqlashga tayyor ekanini bildirdi.