Farg‘ona va Namanganda yirik miqdordagi dori vositalari musodara qilindi

Farg‘ona va Namanganda yirik miqdordagi dori vositalari musodara qilindi

Farg‘ona va Namanganda yirik miqdordagi dori vositalari musodara qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona va Namangan viloyatlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan noqonuniy olib kirilgan hamda belgilangan talablarga zid ravishda saqlangan yirik partiyadagi dori vositalari aniqlandi.

Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati, bojxona organlari va boshqa tegishli idoralar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma tezkor tadbirlar yakunlari bo‘yicha maʼlum qilindi.

Farg‘ona viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari bojxona vakillari bilan hamkorlikda dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘ydi. Idoralar maʼlumotiga ko‘ra, 1987 yilda tug‘ilgan Farg‘ona shahri yashovchisi o‘z uyida “Gazel” avtomashinasida keltirilgan dori vositalari partiyasini tushirayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Tekshiruv davomida umumiy qiymati 778 million so‘m bo‘lgan 38 nomdagi 45 960 dona dori vositasi aniqlangan. Shuningdek, uy ko‘zdan kechirilganda belgilangan talablarni buzgan holda saqlanayotgan, umumiy qiymati 468 million so‘m bo‘lgan 25 nomdagi yana 16 535 dona dori vositasi borligi maʼlum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan protsessual tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Shunga o‘xshash tezkor tadbir Namangan viloyatida ham Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, bojxona organlari va Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xodimlari ishtirokida o‘tkazildi.

Idoralar maʼlumotiga ko‘ra, 1995 va 1993 yillarda tug‘ilgan ikki nafar Namangan viloyati fuqarosi Davlatobod tumanidagi turar joy va noturar binoda keyinchalik sotish maqsadida mamlakat hududiga noqonuniy olib kirilgan xorijiy dori vositalarini saqlab kelgan.

Uchta manzilda o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish ishlari davomida taxminiy qiymati 1 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 453 nomdagi 32 528 quti dori vositalari musodara qilindi.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha olib qo‘yilgan dori vositalari yuzasidan ekspertizalar tayinlangan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling