Farg‘ona va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Farg‘ona va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi Sayid Muhammad Karim Hoshimiy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va savdo-iqtisodiy aloqalar keyingi yillarda izchil rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi.
Viloyat hokimi Farg‘ona viloyatining iqtisodiy salohiyati, hududda sanoatning turli tarmoqlari rivojlangani, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sohalarida katta imkoniyatlar mavjudligi haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Afg‘oniston hududida Farg‘ona savdo uyini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
Muloqot davomida Afg‘onistonda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarini Farg‘ona viloyatiga olib kelib, ularni qayta ishlash, qo‘shma korxonalar tashkil etish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yana-da kengaytirish, mahsulot yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish muhimligini taʼkidladilar.
Sayid Muhammad Karim Hoshimiy keyingi paytlarda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini qayd etib, Afg‘onistonda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildiruvchi ko‘plab salohiyatli tadbirkorlar borligini taʼkidladi. Shuningdek, afg‘on tadbirkorlarining O‘zbekistonda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirishlari va Farg‘ona savdo uyi faoliyatini tashkil etishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishini maʼlum qildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hozirda ikki tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirishga qaratilgan yirik rejalar amalga oshirilayotganini, barcha sohalarda aniq va manfaatli natijalarga erishish maqsad qilinganini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida savdo-iqtisodiy, investitsiya va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni jadallashtirish, shuningdek, salohiyatli tadbirkorlar ishtirokida o‘zaro biznes-delegatsiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.