O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Fargʻona Qoʻshma Shtatlar bilan energiya saqlash loyihasini amalga oshirmoqda

UzDaily · 18.06.2026 · 16:21 · 39 views
Fargʻona Qoʻshma Shtatlar bilan energiya saqlash loyihasini amalga oshirmoqda

Fargʻona Qoʻshma Shtatlar bilan energiya saqlash loyihasini amalga oshirmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligida mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy davlatlarning nufuzli kompaniyalari vakillari bilan qator samarali uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Uchrashuvlar natijasida o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishilmoqda.

Viloyat hokimligi va AQShning "PRAK Energy Inc" kompaniyasi o‘rtasida energetika sohasida sheriklik munosabatlarini rivojlantirish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat Farg‘ona viloyatida GRAVIENT texnologiyasidan foydalangan holda elektr energiyasini saqlash tizimini qurish bo‘yicha pilot loyihani jadal amalga oshirishda hamkorlikni nazarda tutadi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va kompaniya vakillari ishtirokida o‘tkazilgan muloqotda loyiha bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

GRAVIENT — og‘ir yuklarni ko‘tarish va tushirish tamoyiliga asoslangan zamonaviy gravitatsion energiya saqlash texnologiyasidir. Elektr energiyasi ortiqcha bo‘lgan davrlarda tizim ushbu energiyadan yuklarni yuqoriga ko‘tarish uchun foydalanadi, energiya ishlab chiqarish zarurati tug‘ilganda esa yuklar pastga tushirilib, to‘plangan potensial energiya qaytadan elektr energiyasiga aylantiriladi. Ushbu texnologiya elektr energetika tizimini barqarorlashtirish, uning moslashuvchanligini oshirish, yuqori yuklama davrlarini yumshatish hamda qayta energiya manbalarini samarali integratsiya qilish imkonini beradi.

UzDaily · 👁 39 views · 18.06.2026 · 16:21