Deputatlar ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni maʼqulladilar

Deputatlar ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni maʼqulladilar

Deputatlar ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni maʼqulladilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida deputatlar ekstremizmga qarshi kurash samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari axborot texnologiyalari hamda Internet tarmoqlaridan foydalanib, ayniqsa, yoshlarni zo‘ravonlikka jalb etishga urinayotgani kuzatilmoqda. Shu bois, amaldagi qonunchilikni zamon talablari asosida takomillashtirish juda muhim. Profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish, masʼul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash kun tartibidagi dolzarb vazifadir.

Mazkur qonun loyihasi mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, tajovuzkor urinishlarning oldini olish, yoshlarni turli zararli taʼsirlardan himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Hujjat bilan Jinoyat kodeksi hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga ekstremizmning oldini olish, bu haqda xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilish, ekstremistik tashkilotlarni belgilash tartiblarini huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan normalar kiritilmoqda.

“Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi, “Taʼlim to‘g‘risida”gi, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi, “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi hamda “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi qonunlarga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti.

Anvarxon TEMIROV, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi aʼzosi: Qonun loyihasi dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, ekstremizmga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtiradi, profilaktika ishlari samaradorligini oshiradi. Jamiyatda tinchlik, totuvlik, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat muhitini yana-da  mustahkamlashga huquqiy zamin bo‘ladi.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling