Moskva va Moskva viloyatida migrantlarni hisobga olishning yangi qoidalari joriy etiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab Moskva yoki Moskva viloyatida vizasiz asosda 90 kundan ortiq muddat davomida ishlash maqsadisiz bo‘lib turgan 18 yoshdan katta O‘zbekiston fuqarolari “Amina” ilovasida ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi.
Yangi qoidalar, jumladan, talabalar va mehnat migrantlarining voyaga yetgan oila aʼzolariga ham tatbiq etiladi.
Migratsiya hisobiga qo‘yilish uchun chet el fuqarosi ilovada ro‘yxatdan o‘tishi, shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlash va geolokatsiya haqidagi maʼlumotlarni uzatishga rozilik berishi, shuningdek, Ichki ishlar vazirligiga haqiqatda yashab turgan manzili haqida maʼlumot berishi kerak bo‘ladi.
Yashash manzili o‘zgargan taqdirda maʼlumotlarni uch ish kuni ichida yangilash talab etiladi. Agar ilova uch ish kunidan ortiq vaqt davomida geolokatsiya haqidagi maʼlumotlarni uzatmasa, chet el fuqarosi migratsiya hisobidan chiqarilishi mumkin.
Rossiyada keyinchalik bo‘lib turish uchun qonuniy asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda, chet el fuqarosi haqidagi maʼlumotlar nazoratdagi shaxslar reyestriga kiritilishi mumkin.
Ushbu talab 18 yoshga to‘lmagan chet el fuqarolari, Belarus fuqarolari, diplomatlar, konsulliklar va xalqaro tashkilotlar xodimlari, shuningdek, ularning oila aʼzolariga nisbatan tatbiq etilmaydi.