O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Deputatlar davlat sirlarini himoya qilish bo'yicha tuzatishlarni ma'qulladilar

UzDaily tahririyati · 07.07.2026 · 14:05 · 27 views
Deputatlar davlat sirlarini himoya qilish bo'yicha tuzatishlarni ma'qulladilar

Deputatlar davlat sirlarini himoya qilish bo'yicha tuzatishlarni ma'qulladilar

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga davlat sirlarini saqlash faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan axborotlashtirish obyektlari va muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini attestatsiyadan o‘tkazish faoliyatiga ruxsat berish nazarda tutilmoqda. Davlat sirlari yoki konfidensial axborotni qayta ishlash va muhofaza qilish uchun mo‘ljallangan texnika hamda dasturiy vositalarni sertifikatlashtirish tartiblari belgilanmoqda.

Shuningdek, axborot tizimlari va resurslarining kiberxavfsizligini ta’minlash uchun qo‘llaniladigan apparat va dasturiy vositalarni sertifikatlashtirish tartiblari aks etmoqda.

Bundan tashqari, davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlardan foydalanishga ijozat berish bilan bog‘liq munosabatlar “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunning amal qilish doirasidan chiqarilishi nazarda tutilmoqda.

Bu orqali davlat xavfsizligini ta’minlashga doir maxsus vakolatlar va tartiblar qonun darajasida aniq belgilanadi, huquqni qo‘llash amaliyotidagi ehtimoliy turlicha talqinlar bartaraf etiladi, davlat sirlarini muhofaza qilish tizimining huquqiy kafolatlari yanada mustahkamlanadi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.