Buxoroda Leapmotor va avtomobil ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilindi

Buxoroda Leapmotor va avtomobil ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilindi

Buxoroda Leapmotor va avtomobil ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Botir Zaripov “Zhejiang Leapmotor Technology Co., Ltd.” kompaniyasi vitse-prezidenti Ley Ming boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Joriy yil 1 aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Xitoy Xalq Respublikasining “Zhejiang Leapmotor Technology Co., Ltd.” kompaniyasi ishtirokida Buxoro viloyatida avtomobil ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish loyihasi taqdimot qilingan edi.

Loyihaning ishlab chiqarish va daromadlar rejasi 2026 yilda — 20 ming dona avtomobil (50 mln dollar), 2027 yilda — 40 ming dona avtomobil (100 mln dollar), 2028 yilda — 60 ming dona avtomobil (150 mln dollar), 2029 yilda — 100 ming dona avtomobil (200 mln dollar), 2030 yilda — 150 ming dona avtomobil (300 mln dollar), 2031 yilda — 200 ming dona avtomobil (350 mln dollar) belgilangan.

Mazkur loyiha doirasida B10, B10L, A10, C01, C16 avtomobil modellarini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida avtomobil butlovchi qismlarini bosqichma-bosqich mahalliylashtirish rejalashtirilgan. Jumladan, bamperlar, o‘rindiqlar, oynalar, eshik qoplamalari, shinalar, orqa ko‘rinish ko‘zgulari, simlar jamlanmasi, akkumulyatorlar, asboblar paneli, torpeda qismi, yoritish uskunalari va boshqa ayrim avtokomponentlarni mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Ushbu yondashuv viloyatda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va mahalliy qo‘shilgan qiymatni oshirishga xizmat qiladi.

Loyihaga muvofiq, Buxoro viloyatini Markaziy Osiyodagi avtomobilsozlik va logistika xabi sifatida shakllantirish maqsad qilingan. Bu esa kelgusida nafaqat ichki bozorni taʼminlash, balki qo‘shni mamlakatlar bozoriga chiqish imkoniyatlarini ham kengaytirishi mumkin.

Loyiha doirasida 2026 yilda 200 ta,  2028 yilda 1000 ta,  2031 yilda 3000 ta yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, malakali muhandis va texnik kadrlar tayyorlash maqsadida Buxoro davlat texnika universiteti, Toshkent shahridagi INHA universiteti, Axborot texnologiyalari universiteti, Turin politexnika universiteti bilan hamkorlik qilish nazarda tutilgan.

Kompaniyaning vitse-prezidenti Ley Ming Xitoy avtomobil sanoatida xalqaro bozorlar, eksport va tashqi operatsiyalar yo‘nalishida faoliyat yuritib kelayotgan rahbarlardan biri hisoblanadi.

Kompaniya rahbariyatida u moliyaviy rejalashtirish va bank sektori bilan hamkorlik masalalarini muvofiqlashtiradi. Jumladan, u brendni rivojlantirish strategiyalarini muhokama qilish maqsadida banklar (masalan, China Minsheng Bank) va dilerlik guruhlari vakillari bilan o‘tkazilgan yirik uchrashuvlarda Leapmotor kompaniyasi nomidan ishtirok etgan.

Samimiy muloqotda loyihani amalga oshirishni yana-da jadallashtirish bilan bog‘liq masalalar yuzasida fikrlashildi. 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling