O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Buxoro viloyati va Toskana hamkorlik to'g'risidagi deklaratsiyani imzoladilar

UzDaily tahririyati · 16.07.2026 · 12:20 · 29 views
Buxoro viloyati va Toskana hamkorlik to'g'risidagi deklaratsiyani imzoladilar

Buxoro viloyati va Toskana hamkorlik to'g'risidagi deklaratsiyani imzoladilar

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Italiyaning Toskana hududi prezidenti Eudjenio Jani boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Taʼkidlash lozimki, joriy yilning mart oyida Florensiya shahrida Oʻzbekiston Respublikasining Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayevning Eudjenio Jani bilan uchrashuvi chogʻida Toskana hududi va Buxoro viloyati oʻrtasida iqtisodiy, investitsiyaviy, savdo va madaniy sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishilgan edi.

Bugungi tashrif ushbu kelishuvning mantiqiy davomi boʻlib, niyatlardan aniq qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga oʻtish uchun yangi imkoniyat yaratdi.

Uchrashuv avvalida viloyat rahbari Eudjenio Janini Buxoroga tashrifi bilan qutladi.

— Buxoro va Toskanani tarixiy meros, madaniyat, hunarmandchilik va bunyodkorlik mehnatiga boʻlgan alohida munosabat birlashtiradi. Har ikki hudud ham butun dunyoda meʼmoriy yodgorliklari, koʻp asrlik anʼanalari, turistik jozibadorligi va oʻziga xos hududiy qiyofasi bilan mashhur. Biz Toskanani Buxoro viloyatining turizm, madaniyat, sanoat kooperatsiyasi, toʻqimachilik, charm mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, taʼlim, tibbiyot va zamonaviy texnologiyalar sohalaridagi muhim hamkori sifatida koʻramiz, - dedi Botir Zaripov.

Shuningdek, viloyat hokimi joriy yil aprel oyida Buxoro va Siyena shaharlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha kelishuvga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Buxoro tomoni ushbu aloqalarni madaniyat, turizm, taʼlim hamda shaharsozlik sohalarida aniq amaliy mazmun bilan boyitishga tayyorligini bildirdi.

Qolaversa, “Romeualdo Del Byanko” jamgʻarmasining Buxoroda buyuk italiyalik rassom va haykaltarosh Mikelanjeloning byustini oʻrnatish tashabbusi alohida ramziy ahamiyatga egaligi, ushbu loyiha Buxoro va Toskana oʻrtasidagi madaniy muloqotning yorqin ramziga aylanishi eʼtirof etildi.

Uchrashuv davomida hududlar oʻrtasida iqtisodiy, investitsiyaviy, savdo va madaniy sohalarda oʻzaro teng manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. Bu borada qator takliflar oʻrtaga tashlandi.

Oʻz navbatida Toskana hududi prezidenti hamkorlik tashabbuslarini amalga oshirish va ilgʻor tajriba almashinuvini rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Shundan kelib chiqib, Toskana hududi hamda Buxoro viloyati oʻrtasida hamkorlik va doʻstona munosabatlarni rivojlantirish toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiya imzolandi.

Suhbat davomida tomonlar mazkur hujjat hududlararo aloqalarni institutsional asosda rivojlantirish, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishini alohida taʼkidlashdi.