O‘zbekiston delegatsiyasi YXHT Parlament assambleyasining 33-yillik sessiyasida qatnashdi
O‘zbekiston delegatsiyasi YXHT Parlament assambleyasining 33-yillik sessiyasida qatnashdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Niderlandiya Qirolligining Gaaga shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Parlament assambleyasining «Xalqaro huquq va umumiy tamoyillar: YXHT hududida xavfsizlik va hamkorlikning asoslari» mavzusiga bag‘ishlangan 33-yillik sessiyasi tadbirlarida ishtirok etdi.
O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi tarkibida Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov qatnashdi.
Tadbirda Yevropa, Shimoliy Amerika va Markaziy Osiyo davlatlaridan 250 dan ortiq delegatsiyalar vakillari parlament diplomatiyasini rivojlantirish, xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash, demokratik institutlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda inson huquqlarini himoya qilishga oid dolzarb masalalarni muhokama qildi.
Sessiya davomida xalqaro xavfsizlik, nizolarning oldini olish, demokratik institutlarni mustahkamlash, inson huquqlarini ta’minlash hamda parlament diplomatiyasining zamonaviy chaqiriqlarga mos mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qator ma’ruzalar va munozaralar o‘tkazildi. Ishtirokchilar mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Markaziy Osiyo bo‘yicha hamda Ipak yo‘li guruhi yig‘ilishlarida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari «Yangi O‘zbekiston» taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, parlament faoliyatini takomillashtirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohalarda olib borilayotgan o‘zgarishlar haqida xabardor qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi bir qator uchrashuvlar ham o‘tkazdi. Jumladan, YXHT Parlament assambleyasi Bosh kotibi, YXHT Parlament assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili hamda Niderlandiya delegatsiyasi rahbari bilan samarali muloqotlar o‘tkazildi.