O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning yuqori martabali vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi
O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning yuqori martabali vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — BMTning Terrorizmga qarshi kurash haftaligi doirasida 29-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari B. Tursunov boshchiligida, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Aleksandr Zuev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasini oshirish, terrorchilar tomonidan yangi texnologiyalardan foydalanishga qarshi kurashish va terrorizmni moliyalashtirishning oldini olishni nazarda tutuvchi qo‘shma dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini yuksak baholadilar.
Tomonlar mojaroli hududlaridan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha Xalqaro kompetensiyalar markazini tashkil etish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar. Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi minbaridan ilgari surilgan edi.
Mazkur tuzilma Markaziy Osiyoning bu boradagi muvaffaqiyatli tajribasiga tayangan holda, reabilitatsiya sohasida moslashuvchan strategiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha global bilim va tajriba almashish maydoniga aylanishi mumkinligi qayd etildi. Markaz faoliyati soha mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, repatriantlar uchun ta’lim hamda kasbiy rivojlanish yo‘nalishlarini yaratish, shuningdek, ekstremizmning oldini olish va uning tarqalishini barvaqt bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston va BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha yangi “yo‘l xaritasi” imzolandi. Mazkur hujjat strategik sheriklikning yangi bosqichini boshlab berib, O‘zbekistonga terrorizmga qarshi kurash sohasida keng ko‘lamli ekspert va texnik ko‘mak ko‘rsatilishini ta’minlaydi.
Shuningdek, Nyu-York shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning Terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasi Ijroiya direktorati direktori Natalya German bilan muzokaralar o‘tkazib, xavfsizlik sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni muhokama qildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI)ning BMT Terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasi Ijroiya direktorati Global tadqiqotlar tarmog‘iga qo‘shilishi istiqbollari muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, bu Institutga terrorizmga qarshi kurash sohasidagi dunyoning yetakchi tahlil markazlari tadqiqotlaridan to‘laqonli foydalanish imkonini beradi.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha tomonlar terrorizm tahdidiga qarshi kurashish borasidagi yaqin hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Ma’lumot uchun: BMTning Terrorizmga qarshi kurash haftaligi a’zo davlatlar, BMT tizimi tuzilmalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shuningdek, ekspertlar hamjamiyatini zamonaviy tahdidlarni muhokama qilish hamda BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida birlashtiruvchi eng nufuzli xalqaro maydonlardan biri hisoblanadi. Joriy yilda mazkur tadbir 26-iyundan 2-iyulga qadar bo‘lib o‘tmoqda.