O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Buxoro aeroporti boʻyicha tenderning birinchi bosqichi yakunlandi

UzDaily · 16.06.2026 · 11:00 · 32 views
Buxoro aeroporti boʻyicha tenderning birinchi bosqichi yakunlandi

Buxoro aeroporti boʻyicha tenderning birinchi bosqichi yakunlandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yangi Buxoro xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) shartlari asosida qurish va boshqaruvga berish loyihasi doirasida xususiy sherikni tanlash bo‘yicha 2026-yil 11-martdan — 21-maygacha davom etgan dastlabki malaka bosqichi (RFQ) yakunlandi.

Taqdim etilgan barcha dastlabki malaka arizalari ko‘rib chiqilgach, Idoralararo tender komissiyasi tomonidan dastlabki malaka bosqichidan (RFQ) o‘tgan talabgorlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Qayd etish lozimki, mazkur bosqich davomida Buyuk Britaniya, Irlandiya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Shveysariya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Kanada, Yaponiya, Xitoy, Xindiston, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Baxrayn, BAA, Qatar kabi mamlakatlar kompaniyalari va mahalliy korxonalardan 51 nafari loyihaga qiziqish bildirdi.

Texnik, huquqiy va moliyaviy qismlardan iborat uch bosqichli baholash yakunlari bo‘yicha Idoralararo tender komissiyasi tomonidan dastlabki malaka bosqichidan (RFQ) o‘tgan 6 nafar xalqaro kompaniyalar qisqa ro‘yxati shakllantirilib, tenderning ikkinchi bosqichi — takliflar so‘rovida (RFP) qatnashishlariga ruxsat berildi.

Yangi Buxoro xalqaro aeroportini DXSH shartlari asosida qurish va boshqaruvga berish loyihasi “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda mamlakat transport infratuzilmasini rivojlantirishga xususiy investitsiyalarni jalb etish strategik ustuvorliklari belgilab berilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2024–2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-308-son qarori asosida amalga oshirilmoqda.

UzDaily · 👁 32 views · 16.06.2026 · 11:00