British American Tobacco O'zbekistonda ishlab chiqarishni kengaytirmoqda
British American Tobacco O'zbekistonda ishlab chiqarishni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentida British American Tobacco Uzbekistan korxonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Departament hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi rahbariyati, shuningdek, kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda kompaniya tomonidan 1 000 dan ortiq ish o‘rni yaratilgani, 18 mingdan ziyod savdo nuqtalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, 530 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilgani hamda eksport hajmi 95 mln AQSh dollariga yetgani qayd etildi. Shuningdek, tamaki mahsulotlarining yashirin aylanmalari 22,4 foizdan 7 foizga tushgani ta’kidlandi.
Tomonlar ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, eksport geografiyasini kengaytirish, mahalliy qishloq xo‘jaligi zanjiri bilan aloqani mustahkamlash, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, halol raqobat muhitini shakllantirish hamda qonuniy aylanmani kengaytirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni belgilab oldilar.