Sport

Braziliya terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida Yaponiyani mag‘lub etdi

Braziliya terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida Yaponiyani mag‘lub etdi
Braziliya terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida Yaponiyani mag‘lub etdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatining 1/16 final uchrashuvida Braziliya terma jamoasi Yaponiya ustidan irodali g‘alabaga erishdi. AQSHning Xyuston shahrida bo‘lib o‘tgan bahs besh karra jahon chempionlarining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Yaponiya terma jamoasi birinchi bo‘limda hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Uchrashuvning 29-daqiqasida Kaysyu Sano aniq zarba yo‘llab, o‘z jamoasini oldinga olib chiqdi. Braziliyaliklar esa ikkinchi taymda hisobni tenglashtirdi: 56-daqiqada Kazemiro raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Janubiy Amerika vakillariga g‘alaba keltirgan golni esa qo‘shimcha vaqtning beshinchi daqiqasida, yaʼni 90+5-daqiqada Gabriel Martinelli kiritdi.

Ushbu muvaffaqiyat tufayli Braziliya futbolchilari musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘l oldi. 5 iyul kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadigan 1/8 final uchrashuvida Braziliya terma jamoasi Norvegiya va Kot-d‘Ivuar milliy jamoalari o‘rtasidagi bahs g‘olibi bilan kuch sinashadi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.