Bolgariyadan 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi qaytarildi
Bolgariyadan 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi qaytarildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Bolgariya hududida og‘ir moddiy va ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan olti nafar O‘zbekiston fuqarosi O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi ko‘magida vatanga qaytarildi.
Vakolatli organlar maʼlumotlariga ko‘ra, fuqarolarning qaytarilishini tashkil etish uchun zarur konsullik-huquqiy va amaliy choralar ko‘rilgan.
Fuqarolar 16 iyun kuni bepul ravishda O‘zbekistonga repatriatsiya qilindi va o‘z oilalari bag‘riga sog‘-omon qaytdi.
Diplomatik vakolatxona va Migratsiya agentligi xorijga mehnat faoliyati maqsadida chiqishda fuqarolar ehtiyot choralariga qatʼiy rioya qilishi zarurligini taʼkidladi.
Xususan, ish beruvchilar va vositachi tashkilotlar haqidagi maʼlumotlarni oldindan tekshirish, shuningdek mehnat shartnomalari shartlarini diqqat bilan o‘rganish tavsiya etildi.
Shuningdek, xorijda ishga joylashish faqat rasmiy va ishonchli kanallar orqali amalga oshirilishi, barcha hujjatlar esa amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq rasmiylashtirilishi lozimligi qayd etildi.