Behruz Karimov “Lugano” safida Konferensiyalar ligasida debyut qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Behruz Karimov Shveysariyaning “Lugano” klubi safida Konferensiyalar ligasida debyut qildi. 19 yoshli futbolchi “Makkabi” (Tel-Aviv)ga qarshi pley-off bosqichi javob uchrashuvining 82-daqiqasida maydonga zaxiradan tushib, Renato Shteffenning o‘rnini egalladi.
Uchrashuv 27 avgust kuni Gruziyadagi «Batumi Arena» stadionida bo‘lib o‘tdi va 1:1 hisobida yakunlandi. “Lugano” birinchi uchrashuvda qo‘lga kiritgan ustunligini saqlab qoldi. Shveysariya klubi dastlabki bahsda 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. Ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra Karimov jamoasi 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, Konferensiyalar ligasining asosiy bosqichiga yo‘l oldi. (fclugano.com)
Javob uchrashuvining birinchi bo‘limi gollarsiz yakunlandi. Tanaffusdan so‘ng Mattia Zanotti maydondan chetlatilganidan keyin “Makkabi” oldinga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U 58-daqiqada ikkinchi sariq kartochkasini oldi.
69-daqiqada Dor Peres penaltini aniq amalga oshirib, mezbonlarni oldinga olib chiqdi. Biroq kamchilikda harakat qilgan “Lugano” oradan o‘n daqiqa o‘tib hisobni tenglashtira oldi. 79-daqiqada Yanis Chiminyanining uzatmasidan so‘ng Derek Monkada to‘pni darvozaga yo‘lladi.
Karimov uchrashuv yakunida maydonga tushib, Shteffenni almashtirdi. Uning maydonga tushishi Konferensiyalar ligasidagi debyuti bo‘ldi.
“Lugano” turnirning asosiy bosqichida ishtirokini davom ettiradi. Shveysariya jamoasining raqibi qurʼa natijasida aniqlanadi. Tel-Avivning “Makkabi” klubi esa Konferensiyalar ligasidagi ishtirokini yakunladi.