Baxtiyor Saidov Pokiston TIV rahbari bilan xavfsizlikni muhokama qildi
Baxtiyor Saidov Pokiston TIV rahbari bilan xavfsizlikni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri va senatori Muhammad Isʼhoq Dar bilan rasmiy telefon muloqoti o‘tkazdi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki tomonlama kun tartibining asosiy yo‘nalishlari hamda xalqaro siyosatning dolzarb masalalarini muhokama qildi.
Suhbat chog‘ida Pokiston tomoni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif nomiga yo‘llangan maktubi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Davlat rahbarining maktubida Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron Islom Respublikasi o‘rtasida Imzolangan O‘zaro anglashuv memorandumiga yuqori baho berilgani, shuningdek, ushbu muzokaralar jarayonini tashkil etishda rasmiy Islomobodning faol va samarali vositachilik saʼy-harakatlari alohida qayd etilgani taʼkidlandi.
Tomonlar diplomatik tartibga solishning keyingi bosqichlari konstruktiv ruhda davom etishiga, erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi esa butun mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga qatʼiy ishonch bildirdi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat tashqi ishlar idoralari o‘rtasidagi muntazam va ishonchli muloqotni davom ettirish, shuningdek, strategik sheriklik munosabatlarini yana-da chuqurlashtirishga tayyorlik tasdiqlandi.