Anvar Anvarov Finlyandiyadagi World Athletics turnirida g‘olib bo‘ldi
Anvar Anvarov Finlyandiyadagi World Athletics turnirida g‘olib bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston vakili Anvar Anvarov World Athletics — Jahon yengil atletika federatsiyasining rasmiy taqvimiga kiritilgan bronza darajasidagi xalqaro yengil atletika turnirida g‘olib bo‘ldi.
Musobaqa Finlyandiyaning Yoensuu shahrida bo‘lib o‘tdi.
Uzunlikka sakrash bahslarida o‘zbekistonlik sportchi 7,97 metr natija qayd etib, Finlyandiya vakillarini ortda qoldirgan holda oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Kumush medal 7,80 metr natija ko‘rsatgan Kalle Salminenga nasib etdi. Bronza medalni esa 7,64 metrga sakragan Kasper Vexma qo‘lga kiritdi.
Mazkur g‘alaba Anvar Anvarov uchun World Athletics rasmiy taqvimiga kiruvchi xalqaro musobaqalardagi ilk chempionlik bo‘ldi.