Xivada Pahlavon Mahmud Strongman o'yinlari boshlandi
Xivada Pahlavon Mahmud Strongman o'yinlari boshlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xiva shahrida Arda Xiva sayyohlik majmuasida VI Pahlavon Mahmud Xalqaro Bahodirlar o‘yinlari doirasida 15 ta davlatidan 40 taga yaqin bahodir va sportchilar kuch, chidamlilik va mahorat talab etuvchi sinovlarda o‘zaro bellashmoqda.
Musobaqalar avvalida xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan sportchilar, delegatsiya rahbarlari, hakamlar hay’ati a’zolari, tashkilotchilar hamda mahalliy va xorijiy OAV vakillari va blogerlar ishtirokida maxsus brifing hamda qur’a tashlash marosimi tashkil etildi. Brifing davomida festivalning asosiy nizomlari, baholash mezonlari, xavfsizlik qoidalari, bellashuv tartibi hamda ishtirokchilarning chiqish ketma-ketligi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Arda Xiva turistik majmuasida bo‘lib o‘tayotgan musobaqalarning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari Botir Saidov ishtirok etib, musobaqalarni rasman ochib berdi. Shuningdek, Xiva shahar hokimi Temur Davletov so‘zga chiqib, ishtirokchilarni nufuzli musobaqa boshlangani bilan tabrikladi hamda ularga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Musobaqalar doirasida Arda Xiva majmuasida milliy bahodirlik an’analarini aks ettiruvchi “Cho‘girma otish” hamda “Mo‘ynoq langari” shartlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar kuch, matonat va mahorat borasida o‘zaro bahslashib, tomoshabinlarga unutilmas taassurotlar ulashdilar
Shuningdek, bahodirlar Xiva tegirmoni va DEADLIFT yo‘nalishlari bo‘yicha kuch sinashib, tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni taqdim etdi. Har bir ishtirokchi g‘alaba uchun bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib, bahslarda katta ishtiyoq va shijoat bilan qatnashmoqda.
Tadbirni keng yoritish maqsadida Turizm qo‘mitasi tomonidan jurnalistlar, blogerlar hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida maxsus press-tur tashkil etildi. Ular musobaqa jarayonlari, bahodirlarning chiqishlari hamda Xivaning boy sayyohlik imkoniyatlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ib qilmoqda.
Bellashuvlar doirasida, shuningdek, barcha mehmonlar uchun Arda Xiva majmuasi bo‘ylab maxsus sayohat dasturi tashkil etildi.
Sayohat davomida ishtirokchilar majmuaning zamonaviy infratuzilmasi, milliy ruhni aks ettiruvchi me’moriy yechimlari, hunarmandchilik an’analari hamda Xorazmning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga o‘zbek xalqining mehmondo‘stlik an’analari va milliy qadriyatlari haqida ham batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Sayohat yakunida festival ishtirokchilariga esdalik sovg‘asi sifatida Xorazm milliy bosh kiyimi – cho‘girma tantanali ravishda topshirildi. Ushbu ramziy sovg‘a xorazmliklarning qadimiy urf-odatlari, milliy o‘zligi va mehmondo‘stligining yorqin ifodasi sifatida xorijlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.