Xitoy-Markaziy Osiyo yoshlar startap tanlovi g'oliblari Toshkentda taqdirlandi
Xitoy-Markaziy Osiyo yoshlar startap tanlovi g'oliblari Toshkentda taqdirlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent davlat agrar universitetida Xitoy–Markaziy Osiyo universitetlari talabalari Startap innovatsiya va tadbirkorlik loyihalari tanlovining final bosqichi hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi, Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Toshkent davlat agrar universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, tanlov yoshlarning innovatsion g‘oyalari va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish hamda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ilmiy-innovatsion hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Joriy yilda tanlovga Xitoy va Markaziy Osiyoning besh davlati oliy ta’lim muassasalari tomonidan 239 ta startap loyihasi taqdim etildi. Final bosqichida eng istiqbolli ishlanmalar saralanib, mualliflari diplom, sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Toshkent davlat agrar universiteti talabalari ham tanlovda munosib ishtirok etib, bir qator mukofotlarni qo‘lga kiritdi.
Birinchi o'rin va oltin medallar BronSport loyihasining yaratuvchilari Ilhomjon Jo'raev va Kamoliddin Abdukarimov hamda PollenCare ishlab chiquvchilari Elyorbek Mengturaev va Farida Nurmetovaga nasib etdi.
Kumush medal sohiblari orasida DiedEnto loyihasining yaratuvchilari Rahmatjon Ro'ziev va Navro'za Hamroeva, SlineCare jamoasi vakillari Yaxshibekova va Izbasarova hamda EecoBox g'oyasining yaratuvchilari Sunnatilla Xujumurodov va Maxsuma Saifullaeva bor edi.
Mutaxassislar fikricha, bunday tanlovlar ilm-fan, innovatsiya va tadbirkorlik integratsiyasini kuchaytirish, istiqbolli startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda mintaqaviy ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.