Toshkentda suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish muhokama qilindi
Toshkentda suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish muhokama qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Obid Muminov “Taka WS” (BAA), “SUEZ” (Fransiya) va “Itochu” (Yaponiya) kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida Toshkent shahrida kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, oqova suv tizimlari quvvatini oshirish, shaharsozlik rivoji va urbanizatsiya jarayonlarini inobatga olgan holda yangi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, energiya tejamkor yechimlardan foydalanish, xalqaro tajribani qo‘llash hamda loyihalarni uzoq muddatli rivojlanish talablari asosida amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
Toshkent shahar hokimligi poytaxt infratuzilmasini izchil rivojlantirish, strategik loyihalarni jadallashtirish va xalqaro hamkorlar bilan amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanligini bildirdi.