Toshkentda Oʻzbekiston-Turkiya biznes forumi boʻlib oʻtdi
Toshkentda Oʻzbekiston-Turkiya biznes forumi boʻlib oʻtdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-iyun kuni CAEX majmuasida O‘zbekiston–Turkiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Turkiya Respublikasi savdo vaziri Omer Bolat, ikki mamlakat davlat idoralari, ishbilarmon doiralari, investorlar, yirik kompaniyalar hamda biznes uyushmalari vakillari ishtirok etdi.
Forum O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasi aloqalarini yanada kengaytirish, mavjud hamkorlikni amaliy loyihalar bilan boyitish hamda yangi tashabbuslarni ilgari surishga qaratildi.
Mazkur tadbir Oʻzbekistonda foaliyat yuritayotgan Turkiyaning DEIK, DTIK, UTID, MUSIAD va ASKON singari uyushma rahbarlari bilan tashkil etildi.
Forumda jami 350 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Shundan 60 ga yaqin Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va biznes doiralarining 200 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Xususan, Cengiz Enerji, Anadolu Group, Çalık Holding, ODAŞ, AKSA Enerji, Rönesans Holding, ESAN Eczacıbaşı, OSTİM, SICPA TR, Nobel Pharmsanoat, Ziraat Bank hamda Özgüven İnşaat kabi yirik kompaniya va tashkilotlar rahbarlari hamda vakillarining ishtirok etdi.
Forumda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Turkiyani bog‘lab turgan tarixiy yaqinlik, o‘zaro ishonch va qardoshlik aloqalari bugungi kunda keng ko‘lamli iqtisodiy sheriklik uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an o‘rtasida shakllangan yaqin va ishonchli muloqot ikki tomonlama munosabatlarning izchil rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar, ochiq va konstruktiv siyosiy muloqot savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishlarida amaliy natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Aynan davlat rahbarlari darajasida belgilab berilayotgan strategik yo‘nalishlar natijasida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik bugun yangi bosqichga ko‘tarilib, energetika, sanoat, avtomobilsozlik, farmatsevtika, geologiya, qurilish, infratuzilma va xizmatlar sohalarida aniq loyihalar bilan boyimoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar izchil kengayib bormoqda. 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 3 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi. 2017–2025-yillarda savdo aylanmasi 1,9 barobarga oshdi. O‘zaro savdo hajmini 5 mlrd dollarga yetkazish ikki mamlakat rahbarlari tomonidan kuyilgan muhim ustuvor vazifa ekanligi va buning uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi Forum ishtirokchilari tomonidan taʼkidlandi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokida 2 137 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2025-yilda Turkiyadan 2,6 mlrd dollar miqdorida investitsiyalar jalb qilindi.
Tadbirning asosiy qismi “Davos formati”da tashkil etilib, unda energetika, bank-moliya, sanoat, biznes, davlat-xususiy sheriklik, investitsiya va ishlab chiqarish kooperatsiyasi yo‘nalishlarida fikr almashildi. Muhokamalarda Turkiya–O‘zbekiston biznes kengashi vakillari, “Çalık Enerji”, “Ziraat Bank”, “Anadolu Group”, “Ermak”, “Pro Cab” kompaniyalari rahbarlari va vakillari, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklik departamenti vakillari ishtirok etdi.
Forum doirasida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari O‘zbekistonda 100 dan ortiq loyihalarni amalga oshirayotgani alohida qayd etildi. Xususan, Aksa Energy, Cengiz Enerji va Çalık Enerji energetika sohasida yangi quvvatlar yaratish, barqaror energiya ta’minotini mustahkamlash va sanoat rivoji uchun zarur infratuzilmani kengaytirishga hissa qo‘shmoqda.
Anadolu Isuzu avtomobilsozlik hamda tijorat transporti ishlab chiqarishini rivojlantirish, lokalizatsiya darajasini oshirish va mintaqaviy bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ostim Global Industrial Zone sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma ishlab chiqarishlar uchun yangi platforma sifatida shakllanmoqda.
Shuningdek, Esan Eczacıbaşı geologiya va konchilikda strategik resurslarni o‘zlashtirishga, Özgüven kabi kompaniyalar esa qurilish, infratuzilma va zamonaviy shaharsozlik loyihalarini amalga oshirishga hissa qo‘shmoqda.
Forum yakunlari bo‘yicha tomonlar savdo va investitsiya aloqalarini yanada faollashtirish, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, texnologiya transferi va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha amaliy muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.