O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Toshkentda jinoyat qidiruvi xodimi korrupsiyada ushlandi

UzDaily · 16.06.2026 · 22:00 · 25 views
Toshkentda jinoyat qidiruvi xodimi korrupsiyada ushlandi

Toshkentda jinoyat qidiruvi xodimi korrupsiyada ushlandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida tezkor tadbir davomida Davlat xavfsizlik xizmati, IIV O‘z xavfsizligi bosh boshqarmasi va shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan Shayxontohur tumani IIB UKD jinoyat qidiruv bo‘limi bo‘linma boshlig‘i ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi firibgarlik holati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ijobiy hal qilishda yordam berish evaziga pul mablag‘lari olganlikda gumon qilinmoqda.

Aniqlanishicha, u tanish mansabdor shaxslari orqali tadbirkorga mazkur ishni hal qilishda yordam berishni vaʼda qilgan va bu xizmatlari uchun 7 ming AQSH dollari talab qilgan.

Bundan tashqari, dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, ushlangan shaxs restorandagi yong‘in bilan bog‘liq, muassasa xodimi jabrlangan alohida jinoyat ishini tugatish evaziga yana 500 AQSH dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi 2,5 ming AQSH dollari miqdoridagi avans mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

UzDaily · 👁 25 views · 16.06.2026 · 22:00