Tashkent Pharma Park delegasiyasi Hindiston klasterlari tajribasini o‘rganib chiqdi
Tashkent Pharma Park delegasiyasi Hindiston klasterlari tajribasini o‘rganib chiqdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Tashkent Pharma Park” (BioPharma City) farmatsevtika klasteri delegatsiyasi Hindistonning yetakchi farmatsevtika klasterlari faoliyati bilan tanishdi.
Xizmat safari doirasida “Tashkent Pharma Park” (BioPharma City) farmatsevtika klasteri delegatsiyasi Hindistonning “SIIDCUL”, "Telangana Life Sciences" hamda "Jawaharlal Nehru Pharma City (JNPC)" farmatsevtika klasterlarida bo‘lib, ularning faoliyati va ilg‘or tajribalarini o‘rgandi.
Delegatsiya aʼzolari klasterlar rahbariyati va rezident korxonalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, farmatsevtika, biotexnologiya va innovatsiyalar sohalarida strategik hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda investitsiyaviy sheriklik imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Shuningdek, klasterlarda yaratilgan muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, ishlab chiqarish maydonlari, GMP talablariga muvofiq tashkil etilgan sanoat obyektlari va ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bilan yaqindan tanishildi.
Xaridvar shahridagi “SIIDCUL” klasteri hamda boshqa sanoat hududlarida faoliyat yuritayotgan umumiy oqova suvlarni tozalash inshootlari - CETP (Common Effluent Treatment Plant) faoliyati o‘rganilib, chiqindi suvlarni qayta ishlash, ekologik barqarorlikni taʼminlash va zamonaviy ekologik texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tajribalar muhokama qilindi.
Shuningdek, "Arogya Formulations" va "Akums Drugs" korxonalari faoliyati ko‘zdan kechirilib, dori vositalari ishlab chiqarish jarayonlari, sifat nazorati tizimi va zamonaviy texnologik yechimlar bilan tanishildi.
Mazkur xizmat safari davomida xalqaro farmatsevtika klasterlarini rivojlantirish tajribasi, texnologiyalar transferi, eksport salohiyatini oshirish, barqaror sanoat rivojlanishi va innovatsion ekotizimlarni shakllantirish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar o‘rganildi.