O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Tadbirkorlik subyektlari uchun tartibga solish yuki kamaytirilmoqda

UzDaily tahririyati · 09.08.2026 · 15:52 · 35 views
Tadbirkorlik subyektlari uchun tartibga solish yuki kamaytirilmoqda
Tadbirkorlik subyektlari uchun tartibga solish yuki kamaytirilmoqda / Foto: Oliy Majlis Senati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 18-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik subyektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, davlat xizmatlarini soddalashtirish hamda biznes yuritish uchun yanada qulay huquqiy muhit yaratishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ayrim holatlarda tadbirkorlik subyektlarining bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish bilan bogʻliq masalalarni sud orqali hal etish amaliyoti tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflanishiga sabab boʻlmoqda.

Qonun bilan Iqtisodiy protsessual hamda Soliq kodekslariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, soliq toʻlovchi soliq organining qaroriga eʼtiroz bildirmagan taqdirda bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish soliq organining qarori asosida amalga oshirilishi, eʼtiroz bildirilgan hollarda esa mazkur masala sud tomonidan koʻrib chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, soliq organining sudga murojaat qilish tartibi aniqlashtirilib, murojaatga qonun buzilganligini, soliq toʻlovchiga xabarnoma yuborilganligini hamda uning eʼtirozini tasdiqlovchi dalillarni ilova qilish talabi belgilanmoqda.

Qonun bilan huquqbuzarlik holatlari bartaraf etilgan yoki sud tomonidan bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish rad etilgan taqdirda, ushbu cheklovlarni tezkor bekor qilish mexanizmi ham mustahkamlanmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun tadbirkorlik subyektlarining vaqt va mablagʻ bilan bogʻliq ortiqcha xarajatlarini qisqartirish, davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, sudlar yuklamasini kamaytirish hamda tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.