O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekistonda ANORA platformasining ishga tushirilishi muhokama qilindi

UzDaily tahririyati · 29.07.2026 · 16:55 · 37 views
Oʻzbekistonda ANORA platformasining ishga tushirilishi muhokama qilindi
Oʻzbekistonda ANORA platformasining ishga tushirilishi muhokama qilindi / Foto: O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamkorligida ANORA (Agrifood Investment Opportunities for Resilient Agriculture) platformasini amaliyotga joriy etish masalalariga bag‘ishlangan onlayn hamkorlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv platformani amaliy faoliyatga joriy etish hamda manfaatdor davlat organlari, xalqaro moliya institutlari, rivojlanish hamkorlari va donor tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbir davomida Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi N.Qo‘shnazarov hamda Loyiha ofisi vakillari tomonidan O‘zbekistonda agrar oziq-ovqat tizimini transformatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlari hamda ushbu sohadagi investitsiya ehtiyojlari yuzasidan taqdimot qildi. Shuningdek, YeTTB va FAO Investitsiyalar markazi tomonidan ANORA platformasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, uni amalga oshirish mexanizmlari va xalqaro hamkorlik istiqbollari haqida ma'lumot berildi.

Uchrashuvda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi, tijorat banklari, shuningdek, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), FAO, GEF, GCF, GGGI, UNDP, GIZ, Yevropa Ittifoqi, O‘zbekistonning Germaniya va Buyuk Britaniyadagi elchixonalari hamda 20 dan ortiq xalqaro tashkilot va rivojlanish hamkorlari vakillari ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida ANORA platformasi doirasida investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish, moliyaviy va texnik ko‘makni safarbar etish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashgan va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, platformani amalga oshirishning keyingi bosqichlari, ustuvor yo‘nalishlari va hamkorlik mexanizmlari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Mazkur uchrashuv ANORA platformasini amaliyotga tatbiq etish, "yashil" investitsiyalarni safarbar etish hamda davlat organlari, xalqaro moliya institutlari va rivojlanish hamkorlari o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.