Adliya vazirligi tomonidan islomiy banklar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasining 2026 yil 27 martdagi O‘RQ–1126-son Qonuniga muvofiq mamlakatimizda islomiy bank faoliyati joriy etildi.
Mazkur Qonunni amalga oshirish doirasida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan 10 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga islomiy banklar faoliyatini tartibga soluvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha huquqiy mexanizmlar takomillashtirildi:
banklar va banklar guruhlarida tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi;
tijorat banklarining ko‘chmas mulk, boshqa mol-mulk hamda yuridik shaxslar ustav kapitalidagi ulushlar (aksiyalar)ni sotib olishi bilan bog‘liq talablar;
bir qarz oluvchi yoki o‘zaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikning eng ko‘p miqdorini belgilash;
tijorat banklarida korporativ boshqaruvni tashkil etish;
banklarning Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasiga badallar to‘lashi tartibi .
Mazkur o‘zgartirishlar islomiy banklar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.