SSV: Endi tez tibbiy yordam xizmatida elektromobillardan foydalaniladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ipoteka bank OTP Group tomonidan Respublika tez tibbiy yordam markaziga 10 dona “BYD Seagull” rusumli zamonaviy elektromobillar taqdim etildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi va bank rahbariyati, soha masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Unda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Basitxanova so‘zga chiqib, bunday hamkorlik mamlakatimiz aholisiga tez tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yana-da oshirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
Bugungi kunda mazkur moliya muassasasi tibbiyot tashkilotlari, taʼlim muassasalari, sug‘urta, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasidagi kompaniyalarga yaqindan ko‘mak beradi.
Qayd etish joizki, taqdim etilgan ushbu elektromobillar Respublika tez tibbiy yordam markazining 10 ta hududiy filiali o‘rtasida taqsimlanib, tizimda tajriba tariqasida foydalaniladi hamda uning natijalari bo‘yicha zarur takliflar ishlab chiqiladi.
Maʼlumot o‘rnida, bugungi kunda tez tibbiy yordam tizimida 2 857 ta tibbiy brigada faoliyat yuritib, 3 100 dan ziyod avtotransport vositasi aholiga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda. Mazkur avtomashinalarning 574 tasi esa “B” toifali reanimobillar hisoblanadi.