Valyuta kurslari 05/12/2024
$1 – 12813.04
UZS – -0,1%
€1 – 13457.54
UZS – -0,27%
₽1 – 122.60
UZS – 1,34%
Qidirish
O‘zbekiston 14/11/2024 SMTI va Global hamkorlik va barqarorlik xalqaro fondi o’rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi

SMTI va Global hamkorlik va barqarorlik xalqaro fondi o’rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi 

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024-yil 12-noyabrda O‘zbekiston delegatsiyasining Shveytsariyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) va Global hamkorlik va barqarorlik xalqaro fondi (GCERF) o‘rtasida anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
 
Hujjatni SMTI direktori Eldor Aripov va GCERF ijrochi direktori Xalid Koser imzoladi.

GCERF - shtab-kvartirasi Jenevada joylashgan yetakchi xalqaro tashkilot bo‘lib, 2014-yildan beri dunyoning 23 mamlakatida terrorizmga qarshi kurashish va repatriantlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Fondning ushbu loyihalarga kiritgan umumiy sarmoyasi 200 million dollardan ziyodni tashkil etadi.

Imzolangan Memorandum ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, qaytarilgan fuqarolarning reabilitatsiyasi va reintegratsiyasiga ko‘maklashish sohasida hamkorlikning qo‘shma dasturlarini amalga oshirish uchun huquqiy asos yaratadi.

GCERF O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyatiga katta qiziqish bildirdi. Kengash doirasida psixologlar, ijtimoiy xodimlar, qaytganlar bilan ishlashga jalb etilgan mahallalar vakillarining malakasini oshirish bo‘yicha maxsus treninglar tashkil etish, shuningdek, repatriantlarni ishga joylashtirish va ijtimoiy integratsiya qilish imkoniyatlarini kengaytiruvchi dasturlarni ishlab chiqishdan manfaatdorlik bildirildi.

Terrorizm va ekstremizmning onlayn targ‘ibotiga qarshi kurashish, yoshlarda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish sohasida yechimlarni izlashga alohida e’tibor qaratiladi.

GCERF fondini yaratish tashabbusi 2013-yilda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan 4-Global aksilterror forumida AQSH davlat kotibi Jon Kerri, Turkiya tashqi ishlar vaziri Axmet Davutog‘lu va Shveytsariya kansleri Didye Burkxalter tomonidan ilgari surilgan. GCERF direktorlar kengashiga Yevropa Ittifoqi, Afrika, Osiyo, AQSH, Qatar va Avstraliya kabi 20 dan ortiq mamlakat vakillari kiradi.
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling