Sindarov: Gukesh bilan o‘yin hayotimdagi eng qiyini bo‘ladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Grossmeyster Javohir Sindarov yana bir bor jahon chempioni unvoni uchun o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lish-bo‘lmasligiga ishonchi komil emasligini aytdi va bo‘lajak matchni faoliyatidagi eng qiyin musobaqa deb atadi. 20 yoshli o‘zbekistonlik shaxmatchi bu haqda 29 avgust kuni The New Indian Express nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Nomzodlar turniri g‘olibi Sindarov amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajju bilan shaxmat toji uchun Jenevada o‘tkaziladigan matchda kuch sinashadi. Birinchi partiya 24 noyabrga rejalashtirilgan.
«Bu turnir hayotimdagi eng qiyin musobaqa bo‘ladi», — deya Sindarovning so‘zlarini keltiradi nashr. U shuningdek, uch hafta davomida bir raqibga qarshi 14 ta partiya o‘tkazish oson vazifa emasligini taʼkidladi. Sindarov jahon chempioni unvoni uchun kurashishda ikkinchi imkoniyatga ega bo‘lmasligi ham mumkinligini istisno qilmadi.
Shu bilan birga, musobaqalarda ishtirok etishdan deyarli voz kechib, matchga tayyorgarlikka eʼtibor qaratgan Gukeshdan farqli o‘laroq, Sindarov boshqa yo‘lni tanladi. Nomzodlar turniri g‘olibi musobaqalarda ishtirok etishni davom ettirmoqda. Uning navbatdagi musobaqasi Global Chess League bo‘ladi, shundan so‘ng u Samarqandda o‘tkaziladigan Olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etadi. O‘zbekistonlik shaxmatchi faqat Olimpiadadan keyin bo‘lajak match oldidan to‘liq mashg‘ulot yig‘inini boshlashni rejalashtirgan.
Sindarov raqibining yondashuvini tushunarli deb atadi. «Gukeshga kelsak, men uni tushunaman», — dedi u The Indian Express nashriga. Shaxmatchi o‘tgan yili hindistonlik grossmeyster ko‘plab musobaqalarda ishtirok etganini va, ehtimol, psixologik jihatdan o‘zini qulay his qilmaganini taʼkidladi. Shu sababli u tayyorgarlikning ayrim jihatlari ustida ishlashi kerak, degan qarorga kelgan bo‘lishi mumkin.
Ayni paytda Sindarov 2026–2027 yilgi mavsumdagi FIDE Circuit musobaqalari hisobida muvaffaqiyatli yilni o‘tkazganidan so‘ng yetakchilik qilmoqda.
Bo‘lajak o‘yin raqiblari bir-biriga qarshi yana-da oldinroq — Samarqandda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Olimpiadada to‘qnash kelishi mumkin. Gukesh Hindiston terma jamoasiga, Sindarov esa musobaqaning amaldagi chempioni bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasiga boshchilik qiladi. Bu bo‘lajak match ishtirokchilarini uning boshlanishidan atigi bir necha hafta oldin shaxmat taxtasi yonida uchrashtirishi mumkin.
Avvalroq har ikki shaxmatchi taʼkidlaganidek, ular o‘rtasida yaqin shaxsiy munosabatlar mavjud emas.