Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, qardosh Turkmaniston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
O‘z navbatida Xalq Maslahati Raisi O‘zbekiston yetakchisiga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomini yetkazdi.
Tomonlar strategik sheriklikning bugungi holatini yuksak baholadilar. Barcha darajalarda yaqin va samarali aloqalar davom ettirilmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror sur’atda o‘smoqda, sanoat, energetika, transport va boshqa ustuvor tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. “Shovot-Toshovuz” savdo zonasi unumli faoliyat yuritmoqda.
Hududlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.
Yaqinda Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlarining yakunlari yuksak baholandi.
Joriy yil oktabr oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish doirasida mintaqaviy kun tartibini muvofiqlashtirish va ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.