Senat zo'ravonlik qurbonlarini qo'llab-quvvatlash to'g'risidagi qonunni ma'qulladi
Senat zo'ravonlik qurbonlarini qo'llab-quvvatlash to'g'risidagi qonunni ma'qulladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsiyaviy hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish yuzasidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar hamda bolalar bilan ishlash boʻyicha vakolatli organ etib belgilandi.
Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari aniq qilib belgilanmoqda.
Shuningdek, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari uchun qator yengilliklar joriy etilmoqda.
Jumladan, ular yoʻqotilgan biometrik pasport oʻrniga yangi pasport olish, nikoh tuzilganligi yoki tugʻilganlik haqida takroriy guvohnoma rasmiylashtirishda davlat bojini toʻlashdan ozod etilmoqda.
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga davlat hisobidan malakali yuridik yordam koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.
Bundan tashqari, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi maxsus markazga olti oygacha (oldin 30 kungacha) muddatga joylashtirilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning hamda ularning voyaga yetmagan farzandlarining manzilli va samarali ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga hamda ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Muhokama soʻnggida senatorlar Qonunni maʼqulladi.