Samarqandda ma'lumotlar markazi va zavod loyihalari muhokama qilindi
Samarqandda ma'lumotlar markazi va zavod loyihalari muhokama qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev AQSHning "Ecology Mir Group" kompaniyasi asoschisi va ijrochi direktori Adham Yusupov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Delegatsiya a’zolari Samarqandga aniq maqsadlar bilan kelganligini aytib, hududda 2 ta yirik loyihani amalga oshirish taklifini bildirdi.
Birinchi loyiha – Oqdaryo tumanida zamonaviy yuqori texnologiyali Data-markaz qurishdan iborat bo‘lsa, ikkinchi loyiha esa – kuchlanishi yuqori bo‘lgan va maishiy transformatorlar ishlab chiqarish bo‘yicha yirik zavodni qurib, ishga tushirishdan iborat.
Energetika loyihasiga bu sohada 50 yildan ortiq tajribaga ega va dunyo bo‘ylab 11 ta zavodga egalik qiluvchi "ATEF Group" xoldingi jalb etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bu Samarqand uchun nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratish, balki xorijiy texnologiyalarni amaliyotga samarali joriy qilish imkonini ham yaratadi.
Viloyat rahbari har ikki tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, investorlarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Ayni paytda tomonlar loyihalarni ishlab chiqish bosqichiga o‘tgan.
Mutaxassislar texnik parametrlarni o‘rganmoqda va eng maqbul yer maydonlari tanlanmoqda. Ushbu jarayonlar yakunlangach, loyihalar amaliy bosqichga o‘tadi.